Bu postda qisman o‘zim haqimda ham gapirib o‘taman. Hayotimda bo‘lgan ayrim voqealardan misol olib, ushbu postni yozishga qaror qildim.
2020-yil, karantin paytlari men Farg‘ona viloyatining Vodil shaharchasiga ko‘chib ketdim. Avvaliga moslashish juda qiyin bo‘lgan. Xorazmdan ketib, umuman boshqa dunyoga — tog‘lar ortidagi begona joyga ko‘chib ketish 16 yoshli bola uchun ham qo‘rquv, ham bosim edi.
Yaqin do‘stlaring yo‘q, hamma joy begona. Maktab boshlangach esa vaziyat yanada qiyinlashdi: yangi sinfdoshlar, yangi ustozlar, yangi muhit.
Taxminan 4–5 oy o‘tgach, sinfdoshlarimga asta-sekin moslasha boshladim. Ular meni yaxshi qabul qilishdi. Shu yerda bitta narsani tushunib yetdim: musofirchilikda muomala — hech narsa emas, muomala — hamma narsa ekan.
Inson begona joyda o‘zini tutishi, odamlar bilan qanday gaplashishi va qanday munosabatda bo‘lishi juda katta ahamiyatga ega. “Erkak kishining noni ko‘chada” degan gapning ma’nosini ham o‘sha paytlarda yaxshiroq tushuna boshladim. Chunki inson uyidan chiqib, begona muhitga tushganda uning tarbiyasi va muomala madaniyati eng katta quroliga aylanadi.
Maktabdagi sinfdoshlarim bilan tanishib, muhitga moslashganimdan keyin matematika va fizika kurslariga borishim uchun imkon yaratildi. To‘g‘rirog‘i, bu qaror men uchun biroz majburiy ham edi.
Yangi matematika kursiga yozilish uchun borganimda, ustoz mendan:
— Qaysi guruhga qo‘shilasiz? — deb so‘radilar.
Men:
— Eng katta guruhingizga. Men matematika o‘qiganman, — deb javob berdim.
Keyin ustoz meni imtihon qildilar. Haligacha esimda: 7-sinfda o‘tiladigan bir tengsizlikni og‘zaki yechib berishimni so‘rashgan. Men esa buni og‘zaki tushuntirib bera olmadim. Oxirida menga eng kichik guruhdan boshlashimni aytishdi.
Darslar boshlandi. Eng kichik guruhdagi bolalarning deyarli barchasi mendan kuchli edi. Juda bilimli, tez fikrlaydigan va misollarni og‘zaki yecha oladigan bolalar edi. Shu tariqa bir yilim moslashish va havas qilish bilan o‘tdi.
O‘zimga ko‘p savollar berardim:
“Nega men bulardek fikrlay olmayman?”
“Nega misollarni og‘zaki yecha olmayman?”
“Qachon men ham matematikani yaxshi o‘zlashtiraman?”
Bu savollar bilan o‘zimni ko‘p ezardim. Lekin vaqt o‘tishi bilan o‘zim ham ancha o‘zgardim.
Davlat maktabida ikki yil o‘qigan bo‘lsam, deyarli barcha sinfdoshlarim turli kurslarga borishardi. 10-sinfga kelganimda matematika bo‘yicha bilimim ancha kuchaydi. Nihoyat, bir vaqtlar havas qilgan bolalardek fikrlay boshladim, murakkabroq misol va masalalarni yecha oladigan darajaga keldim.
Bir kuni maktabda bitta misolni ishlay olmadim. Ustozimning oldiga borib, so‘ramoqchi bo‘ldim. Shunda yaqin do‘stim:
— Ustozdan so‘rama, — dedi.
Sababini so‘raganimda, keyin tushuntirib berdi.
Bu ular orasida uzoq yillardan beri davom etib kelayotgan bir an’ana ekan. Sinfdagi o‘quvchilar matematika bo‘yicha juda kuchli bo‘lib ketgach, ayniqsa 10-sinfdan keyin, ustozdan murakkabroq misollarni so‘rashmas ekan.
Sababi juda qiziq. Bizga yoshligimizdan “O‘qituvchi ham oddiy inson, u ham nimanidir bilmay qolishi mumkin”, degan fikr singdirilgan. Bu, aslida, to‘g‘ri fikr. Lekin mening matematikadan kuchli sinfdoshlarim ustozga savol berayotganda:
“Ustoz shu misolni hozir joyida yechib bera olmay qolsa-chi?”
degan o‘y bilan savol bermay qo‘yishgan. Bu yerda gap ustozning bilimsizligida emas edi. Aksincha, o‘quvchilar ustozini noqulay vaziyatga solib qo‘yishni istashmasdi. Shuning uchun maktab darsligidan tashqaridagi, yuqori darajadagi misollarni kamroq so‘rashardi.
Bir kuni ustozlarimdan biri bilan gaplashib qoldim. Shunda ularning aytgan bir gapi haligacha esimda:
“Men har kuni nimadir o‘rganishim kerak. Har kuni o‘rganmasam, takrorlamasam, ertaga o‘quvchim savol berib qolsa va men javob bera olmay qolsam-chi, deb qo‘rqaman.”
Menimcha, postning asl mohiyati aynan shu gapda.
Agar nimanidir o‘rganmoqchi bo‘lsangiz, ilm olmoqchi bo‘lsangiz, shunday darajada bilim olingki, ustozingiz siz bergan savoldan keyin “Bunga qanday javob beraman?” deb o‘ylab qoladigan darajada kuchli o‘quvchi bo‘ling.
Bu ustozingizdan ustun bo‘lish uchun emas. Bu ustozingizni hurmatsiz qilish uchun ham emas. Aksincha, ustozingizni ham har kuni o‘rganishga majbur qiladigan o‘quvchi bo‘lish uchun.
Sizning ishtiyoqingiz, savollaringiz va bilimingiz ustozingizni ham rivojlanishga undashi kerak.
Maktabda o‘qituvchi kelib, 45 daqiqa faqat o‘zi gapirib, keyin chiqib ketishi bilan haqiqiy o‘sish doim ham bo‘lavermaydi. O‘quvchi ham savol berishi, fikr yuritishi, ustoz bilan bahslashishi, “Nega?”, “Qanday?”, “Boshqacha qilish mumkinmi?” degan savollarni berishi kerak. Shunda dars faqat o‘qituvchining monologi bo‘lib qolmaydi. O‘qituvchi ham darsga boshqacha tayyorgarlik bilan keladi.
Lekin bir narsani unutmaslik kerak. Bu “ustozdan bilimim yuqori ekan” deb kibrlanish degani emas. Bu juda yomon va axloqiy jihatdan xunuk holat.
Sizga oz bo‘ladimi, ko‘p bo‘ladimi — nimanidir o‘rgatgan inson sizning ustozingiz hisoblanadi. Ustozdan o‘zib ketgan bo‘lsangiz, uni mensimaslik emas, aksincha, uning bergan bilimini yanada yuqoriga olib chiqish kerak. Shunday o‘quvchi bo‘lingki, ustozingiz sizga g‘araz bilan emas, faxr bilan qarasin.
“Mendan bilimi yuqori. Men bu insonni o‘qitganman”, deb faxrlansin.
Menimcha, haqiqiy ustoz uchun bundan katta mukofotlardan biri bo‘lmasa kerak.
Shuning uchun o‘qing. Ilm oling. Savol bering. Ustozlaringizni qiynaydigan darajada ko‘p savol bering(aynan fan bo'yicha).
Lekin eng asosiysi — o‘rganishdan charchamang. Chunki davomiy ilm olib borar ekansiz, umringiz davomida hech narsani o'rganmaganingizni tushinib borasiz.