Bugungi kunda har xil ta’lim va boshqa markazlar tomonidan bizga o‘z orzularimizni pullashmoqda. Nega aynan orzularimiz bilan o‘ynashadi va ularni pullashadi?
Sababi juda oddiy: ayrim, qo‘shtirnoq ichidagi, hayotimizni “go‘zallashtirmoqchi” bo‘lgan markazlar psixologik ta’sir o‘tkazishning juda ustasi bo‘lib ketishgan.
Masalan, oddiygina dasturlash kursini olaylik. Siz Instagram yoki Telegram’da reklama ko‘rasiz:
“6 oyda dasturchi bo‘ling.”
“Oyiga $3000 daromad qiling.”
“IT sohasiga kirib, hayotingizni o‘zgartiring.”
“Bugun boshlang, ertaga kech bo‘ladi.”
Orzu — eng kuchli reklama
Tasavvur qiling. Siz hozirgi hayotingizdan qoniqmayapsiz. Yaxshiroq ish, ko‘proq daromad, yaxshi mashina, uy, chet elga sayohat qilishni xohlaysiz.
Shu paytda kimdir kelib:
“Sizning hayotingizni o‘zgartiramiz.” desa, albatta, quloq solasiz. Chunki u sizga kurs sotmayapti. U sizga umid sotyapti. Va ba’zi markazlar aynan mana shu narsadan juda yaxshi foydalanadi. Ularning reklamasida kursning dasturi, o‘qituvchining tajribasi yoki siz nimalarni o‘rganishingiz haqida gapdan ko‘ra, ko‘proq “kursni tugatganingizdan keyingi hayotingiz” ko‘rsatiladi.
Yangi MacBook.
Chiroyli ofis.
Qimmat mashina.
Chet el.
Katta maosh.
Lekin reklamada ko‘rsatilmaydigan savollar bor:
“Bu natijaga erishish uchun sizdan aslida qancha mehnat talab qilinadi?” , "Nimalarga tayyor bo'lishingiz kerak?" , "Nimalardan kechishingiz kerak?"
O'zimning hayotimdan misol oladigan bo'lsam. Bitta kursda o'qidim, kurs boshlandi, jamoada 23 ta o'quvchi va natija nima bo'ldi? Natijada kurs yakunida 4 ta o'quvchi kursni tugatdik. Bu yo'lda nimagadir erishish uchun nimadandir kechishingiz kerak. Siz kurs pulini to'lab yurganingiz bilan kursni bitirib hech kim kafolat bera olmaydi ishli bo'lishingizga va katta maosh olishingizga.
Bu post orqali ilm olmang, o'rganmang, o'qimang demoqchimasman. Shunchaki o'z orzuyingizni sotib qo'ymang, har bir narsani mashqqati va shu narsaga erishishingiz uchun to'kiladigan ter, yo'qotiladigan umr va kechiladigan narsalar bo'ladi. Shu narsaga tayyor bo'ling. Siz kurs pulini to'lab yurib 6 oydan keyin qaysidir kasbni mutahasisi bo'la olmaysiz. Mehnatini qilmasangiz umuman foydasi yo'q, hayotingizni o'zgartirish yoki o'zgartirmaslik sizni qo'lingizda. Bu postda o'quv markazlar bilim bermaydi demoqchimasman, istalgan o'quv markaz bilim beradi, farqi yo'q reklama orqali topganmisiz, boshqa joydanmi, barcha o'quv markazlar bilim beradi va sizga nimanidir o'rgatadi. Lekin shu bergan bilimni qabul qilishingiz va o'zingiz ustingizda ishlashingiz sizni qo'lingizda.
Har qanday "Orzular savdosi" bo'layotgan joyda o'zingizga oddiy savol berishni o'rganing: "Ho'p shunday yaxshi hayot ekan, shunday zo'r oylik maosh ekan, demak mehnati ham og'ir bo'lsa kerak?" deb o'zingizga o'zingiz savol bering. Ana undan keyin aynan siz o'rganmoqchi bo'lgan sohani mutahasislarini topib ular bilan maslahat qilsangiz bo'ladi. Siz o'rganmoqchi bo'lgan sohani mutahasisi albatta sizga maslahat bera oladi, yo'q deyish ehtimoli kam, masalan Linkedin, Twitter(X) dan qidirib o'sha insonlardan so'rang: "Shu sohani o'rganishim uchun nimalarni bilishim kerak, nimalarga tayyor bo'lishim kerak, mendan nimalar talab qilinadi, qancha mehnatim va yaxshi mutahasis bo'lishim uchun qancha umrim ketadi?" deb so'rasangiz yo'q demasdan albatta javob berishadi. Undan keyin hamma narsani o'rganib yana qayta o'zingizdan so'rang: "Bu qiyinchiliklardan o'ta olamanmi?" agar javobingiz ha bo'lsa unda o'rganishni boshlang va o'rganishdan to'xtamang!