2002-yilda PayPal eBay kompaniyasiga 1,5 milliard dollarga sotildi. O'sha davr uchun bu internetdagi eng yirik bitimlardan biri edi. Lekin bu voqeada eng qizig'i sotuvning o'zi emas, undan keyin bo'lgan ishlar. PayPal'da birga ishlagan odamlar keyinroq YouTube, LinkedIn, Tesla, SpaceX, Palantir va yana ko'plab kompaniyalarning paydo bo'lishiga qo'l urishdi. Ularni hozir «PayPal Mafiyasi» deb atashadi.
Hammasi qayerdan boshlangan?
1990-yillarning oxiri. Internet endi-endi odamlar hayotiga kirib kelyapti, onlayn xarid degan narsa hali yangilik. Apple Pay ham, Google Pay ham yo'q. Internet orqali pul jo'natish ko'pchilikka murakkab va xavfli tuyulardi.
Shu muammoni hal qilmoqchi bo'lgan ikki loyiha bor edi. Birinchisi — Peter Thiel va Max Levchin asos solgan Confinity. Ikkinchisi — Elon Muskning X.com loyihasi. Confinity avvaliga PalmPilot singari qo'l kompyuterlari orqali pul o'tkazish ustida ishlagan. X.com esa to'liq onlayn bank bo'lishni ko'zlagan. 2000-yilda ikkala kompaniya birlashdi va PayPal shu tarzda tug'ildi. Vaqt o'tib kompaniya asosiy e'tiborni internetdagi elektron pul o'tkazmalariga qaratdi.
Shuni ham aytib o'tish kerak: PayPal'ni bitta odam qurmagan. Unda Peter Thiel, Max Levchin, Luke Nosek, Elon Musk va boshqa ko'plab muhandis hamda tadbirkorlarning mehnati bor. Kompaniya tez o'sdi. Ayniqsa eBay'da savdo qiladiganlar uchun PayPal juda qo'l keldi: xaridor bilan sotuvchi o'rtasida pul aylanishi ancha osonlashdi. 2002-yilga kelib PayPal biznesining qariyb 60 foizi eBay hisobiga to'g'ri kelardi. Foydalanuvchilar ko'paygan sari yirik investorlar va fond bozori ham kompaniyaga qiziqa boshladi.
1,5 milliard dollarlik bitim
2002-yil 8-iyulda eBay PayPal'ni sotib olishga kelishilganini e'lon qildi. O'sha paytdagi narxlarda bitim taxminan 1,5 milliard dollarga baholandi, 3-oktabrda esa xarid rasman yopildi.
Bir nozik jihat bor: eBay PayPal uchun naqd pul to'lamagan, bitim aksiyalar orqali bo'lgan. Har bir PayPal aksiyasi egasi buning evaziga 0,39 ta eBay aksiyasini olgan.
1,5 milliard dollar o'sha davr uchun ulkan pul edi. Ammo dastlabki jamoa uchun bu shunchaki birinchi katta g'alaba bo'lib chiqdi. Sotuvdan keyin ko'pchilik kompaniyadan ketdi. Kimdir o'z biznesini ochdi, kimdir investor bo'ldi, kimdir boshqa kompaniyalarga ishga o'tdi. Lekin ular bir-birini yo'qotib qo'ymadi. Bir-birining yangi loyihasiga pul tikishdi, maslahat berishdi, eski hamkasblarini o'z jamoalariga chaqirishdi. Silicon Valley tarixidagi eng mashhur norasmiy guruhlardan biri aynan shu muhitdan chiqdi.
Nega aynan «mafiya»?
2007-yil 26-noyabrda Fortune jurnali PayPal'da ishlab, keyin yirik texnologiya kompaniyalarini qurgan odamlar haqida katta maqola chiqardi. Sarlavhasi «The PayPal Mafia» edi. Maqolaga ularning birgalikdagi surati ham qo'yilgandi — hammasi xuddi mafiya filmidagi qahramonlardek kiyinib suratga tushgan. Atama shundan keyin keng tarqaldi.
Albatta, gap haqiqiy mafiya haqida emas, hech qanday noqonuniy ish ham yo'q. Bu nom PayPal'dan chiqib, keyin bir-biriga yelka tutib, ko'plab muvaffaqiyatli kompaniyalar yaratgan tadbirkor va investorlarga nisbatan ishlatiladi.
Ularning kuchi faqat pulda emas edi. Ular bir-birini yaxshi bilardi: kim nimaga qodir, qanday ishlaydi, qayerda kuchli. Kimdir yangi kompaniya ochsa, birinchi investitsiya ko'pincha eski hamkasbdan kelardi. Xodim kerak bo'lsa, yana o'sha davradan qidirishardi. Bu oddiy tanish-bilishchilikdan ancha kuchliroq edi, chunki ular bir-birini ishda ko'rgan, bir xil qiyinchiliklardan birga o'tgan va katta biznes qurishni bir joyda o'rgangan odamlar edi.
PayPal'dan chiqib dunyoni o'zgartirganlar
PayPal Mafiyasini mashhur qilgan narsa nomi emas, albatta. Asosiy gap — bu odamlarning keyinchalik nimalarga erishgani.
- Elon Musk — PayPal'dan SpaceX va Tesla'ga
PayPal bilan bog'liq eng mashhur ism, ehtimol, Elon Muskdir. U 1999-yilda X.com'ni ochgan, keyin bu loyiha Confinity bilan qo'shilib PayPal'ga aylangan. Musk kompaniyaning ilk rahbarlaridan biri bo'lgan, biroq 2000-yilda boshqaruvdagi kelishmovchiliklar tufayli CEO lavozimidan ketgan. Shunday bo'lsa ham yirik aksiyadorlardan biri bo'lib qolavergan.
PayPal sotilgach, Musk ancha katta maqsadlarga ko'z tikdi. 2002-yilda SpaceX'ga asos soldi. Maqsad — kosmik parvozlarni arzonlashtirish va kelajakda odamlarning boshqa sayyoralarga ko'chishiga yo'l ochish. Boshi oson kechmadi: dastlabki uchta Falcon 1 raketasi muvaffaqiyatsiz uchdi, pul ham tugab qolay degandi. 2008-yildagi to'rtinchi urinish esa muvaffaqiyatli bo'ldi va bu SpaceX tarixidagi burilish nuqtasiga aylandi.
Tesla bilan aloqasi ham shu davrga borib taqaladi. Musk 2004-yilda Tesla'ga ilk investorlardan biri sifatida kirgan, keyinchalik esa kompaniyaning asosiy rahbariga aylangan. Hozir uning faoliyati faqat avtomobillar bilan cheklanmaydi: SpaceX, Tesla, Neuralink, The Boring Company va sun'iy intellekt bilan shug'ullanuvchi xAI — bularning hammasi uning biznes imperiyasining bir qismi. 2026-yilda xAI SpaceX tarkibiga kirdi. Musk hamon texnologiya olamida eng ta'sirli va eng ko'p tortishuvlarga sabab bo'ladigan tadbirkorlardan biri.
- Peter Thiel — PayPal asoschisi, Palantir va milliardlik investitsiyalar
PayPal Mafiyasining eng muhim a'zolari haqida gap ketsa, Peter Thielni chetlab o'tib bo'lmaydi. U Max Levchin va Luke Nosek bilan birga Confinity'ga asos solgan, keyin PayPal'ning CEO'si bo'lib, kompaniyani eBay'ga sotilguncha boshqargan.
Lekin uning PayPal'dan keyingi yo'li yanada qiziq. 2003-yilda Thiel Palantir Technologies'ga asos soldi. Kompaniya katta hajmdagi ma'lumotlarni tahlil qilish, turli manbalardagi axborotni bir joyga jamlash va murakkab masalalarni yechish uchun dasturiy platformalar yaratadi. Mijozlari orasida davlat idoralari, mudofaa tuzilmalari va yirik korporatsiyalar bor.
Thiel Founders Fund venchur fondining asoschilaridan biri hamdir. Bu fond SpaceX va Airbnb kabi kompaniyalarga pul tikkan. Uning yana bir mashhur qarori — Facebook'ning ilk tashqi investorlaridan biri bo'lgani. 2004-yilda u Facebook'ning 10,2 foiz ulushini 500 ming dollarga sotib olgan. Bu bitim texnologiya tarixidagi eng omadli dastlabki investitsiyalardan biri sifatida tez-tez esga olinadi.
Thiel kitob ham yozgan. Uning «Zero to One» kitobi startaplar va innovatsiyalar haqidagi eng mashhur asarlardan biri. Bugun u Founders Fund hamkori, Palantir hammuassisi va raisi, shuningdek texnologik startaplarga faol sarmoya kirituvchi investor.
- Reid Hoffman — LinkedIn'ni yaratgan odam
LinkedIn'ni bugun deyarli har bir dasturchi, mutaxassis va ish qidirayotgan odam biladi. Ammo uning asoschilaridan biri PayPal'dan chiqqanini hamma ham bilmaydi.
Reid Hoffman PayPal'da yuqori lavozimda ishlagan, kompaniyaning tashqi aloqalari va biznesni rivojlantirishga javob bergan. 2003-yilda u LinkedIn'ga asos soldi. Platforma mutaxassislar bir-biri bilan tanishishi, tajriba almashishi va ish topishi uchun o'ylab topilgan edi. Bugun u dunyodagi eng yirik professional ijtimoiy tarmoqlardan biri.
2016-yil 13-iyunda Microsoft LinkedIn'ni 26,2 milliard dollarga sotib olishini e'lon qildi, bitim o'sha yilning dekabrida yakunlandi. Bu PayPal Mafiyasi a'zolari qurgan bizneslar ichidagi eng katta natijalardan biri bo'ldi.
Hoffman shu bilan to'xtab qolmadi. U Greylock Partners venchur fondiga hamkor bo'lib kirdi va Facebook, Airbnb singari kompaniyalarga investor sifatida qatnashdi. Keyingi yillarda uning asosiy qiziqishi sun'iy intellektga ko'chdi: 2022-yilda Inflection AI'ga asos soldi, 2025-yilda esa Manas AI loyihasini boshladi. Hozir Hoffman tadbirkor, investor, yozuvchi va sun'iy intellekt sohasidagi ko'plab loyihalarning faol ishtirokchisi.
- Max Levchin — PayPal'dan Affirm'gacha
Max Levchin PayPal'ning texnik asoschilaridan biri. U kompaniyada CTO bo'lgan va ayniqsa firibgarlikka qarshi tizimlarni yaratishda katta rol o'ynagan. Internetda pul o'tkazishning eng og'riqli muammolaridan biri — foydalanuvchini to'g'ri aniqlash va soxta operatsiyalarni to'xtatish edi. Levchin aynan shu ustida ishlagan.
PayPal'dan keyin u Slide nomli media almashish platformasini qurdi. 2010-yilda Google bu kompaniyani taxminan 182 million dollarga sotib oldi.
2012-yilda Levchin navbatdagi katta loyiha — Affirm'ga asos soldi. Affirm xaridlarni bo'lib to'lash imkonini beruvchi fintech platforma. Soddaroq aytganda, odam mahsulotni hozir oladi, pulini esa kelishilgan muddat ichida bo'lib-bo'lib to'laydi. 2021-yilda Affirm birjaga chiqdi. 2026-yil holatiga ko'ra Levchin kompaniyaning asoschisi, CEO'si va direktorlar kengashi raisi. Bundan tashqari, u Coca-Cola direktorlar kengashi a'zosi hamdir.
- Chad Hurley, Steve Chen va Jawed Karim — YouTube asoschilari
YouTube'ni tanishtirib o'tirishga hojat yo'q, undan deyarli hamma foydalanadi. Lekin uni yaratgan uch kishining ham PayPal'da birga ishlaganini ko'pchilik bilmaydi.
Chad Hurley, Steve Chen va Jawed Karim PayPal'ning ilk xodimlaridan edi. 2005-yilda ular YouTube'ni ochishdi. G'oya oddiy edi: internetda video ulashishni osonlashtirish. O'sha paytlarda videoni internetga yuklab, boshqalarga ko'rsatish bugungidek oson emasdi, YouTube esa bu ishni juda soddalashtirib berdi.
2006-yil 9-oktabrda Google YouTube'ni 1,65 milliard dollarlik aksiyalar evaziga sotib olishini e'lon qildi, bitim 13-noyabrda yopildi. Raqamga e'tibor bering: PayPal eBay'ga 1,5 milliardga sotilganiga endigina to'rt yil bo'lgandi, uning sobiq xodimlari qurgan YouTube esa 1,65 milliardlik bitimga erishdi.
Uchalasining keyingi yo'li har xil bo'ldi. Chad Hurley YouTube'dan keyin MixBit kabi loyihalar bilan shug'ullandi va turli texnologik bizneslarga sarmoya kiritdi. Steve Chen ham texnologik loyihalar va investitsiyalarda davom etdi. Jawed Karim esa YouTube tarixida alohida o'rinda turadi: 2005-yil 23-aprelda platformaga birinchi videoni aynan u yuklagan. «Me at the zoo» deb nomlangan bu video YouTube tarixining boshlanishi hisoblanadi. Keyinroq Karim investitsiya va ta'lim sohasiga ham qiziqdi.
- David Sacks — Yammer va Craft Ventures
David Sacks PayPal'da avval mahsulot yo'nalishida, keyin COO lavozimida ishlagan. Ketgach, Geni nomli genealogik ijtimoiy tarmoqni yaratdi. Shu loyiha ustida ishlash jarayonida Yammer paydo bo'ldi — kompaniyalar ichida xodimlar o'zaro muloqot qilishi uchun mo'ljallangan korporativ ijtimoiy tarmoq. 2012-yilda Microsoft Yammer'ni 1,2 milliard dollarga sotib oldi.
Keyinroq Sacks Craft Ventures venchur fondiga asos soldi. U Airbnb, Facebook, Palantir, SpaceX va Uber kabi kompaniyalarga erta bosqichda pul tikkan.
Sacks faqat biznes bilan band emas. U «All-In» podkastining boshlovchilaridan biri. 2025-yilda Donald Trump ma'muriyati uni Oq uyning sun'iy intellekt va kriptovalyuta bo'yicha maslahatchisi qilib tayinladi. 2026-yil martida u maxsus davlat xizmatchisi vazifasidan chiqib, Prezidentning Fan va texnologiyalar bo'yicha maslahatchilar kengashida hamraislikka o'tdi.
- Jeremy Stoppelman va Russel Simmons — Yelp asoschilari
PayPal'dan chiqqan yana ikki kishi — Jeremy Stoppelman va Russel Simmons — Yelp'ni yaratishdi. Yelp restoranlar, mehmonxonalar, xizmat ko'rsatish joylari va boshqa bizneslar haqida foydalanuvchilar fikri va baholarini bir joyga yig'adigan platforma. 2004-yilda ishga tushgan loyiha qisqa vaqtda AQShdagi eng mashhur sharh platformalaridan biriga aylandi.
Qizig'i, loyihaga dastlabki 1 million dollarni Max Levchin bergan. PayPal jamoasi a'zolari bir-birini qanday qo'llab-quvvatlaganiga bundan yaxshi misol topish qiyin. Bugun Jeremy Stoppelman Yelp'ning hammuassisi va CEO'si. Russel Simmons esa keyinchalik boshqa loyihalarga o'tib ketgan.
Ularni nima birlashtirgan?
PayPal Mafiyasi tarixida eng muhimi — bu odamlarning bir joyda ishlagani emas, keyin ham bir-birini qo'llab-quvvatlashda davom etgani.
Misollar ko'p. Peter Thiel LinkedIn'ning ilk investorlaridan biri bo'lgan. Max Levchin Yelp'ga birinchi pulni kiritgan. PayPal'ning moliya rahbari bo'lgan Roelof Botha keyin Sequoia Capital'ga o'tib, YouTube'ning dastlabki investorlaridan biriga aylangan. Luke Nosek, Ken Howery va Peter Thiel birgalikda Founders Fund'ni tuzishgan, bu fond keyinchalik SpaceX, Airbnb va boshqa ko'plab startaplarni moliyalashtirgan.
Bu yerda yana bir narsa ko'zga tashlanadi: kompaniya sotilib, har kim o'z yo'liga ketgan bo'lsa ham, ular bir-birining kuchli tomonlarini unutishmagan. Biri g'oya topadi, ikkinchisi pul beradi, uchinchisi jamoa yig'ishga yordamlashadi — va yangi kompaniya tug'iladi. PayPal atrofida shakllangan aloqalar yillar davomida shu tarzda yangi bizneslarga aylanib turdi.
Boshqa a'zolar ham chetda qolmagan
PayPal Mafiyasi deganda faqat yuqoridagi mashhur ismlarni tushunish xato bo'ladi. Fortune'ning 2007-yildagi o'sha surati va maqolasida yana bir qancha muhim odamlar bor edi.
Roelof Botha — PayPal'ning sobiq moliya direktori. Keyin Sequoia Capital'ga qo'shilib, uning eng muhim hamkorlaridan biriga aylandi. YouTube'ga ilk sarmoya kiritganlardan biri. Sequoia orqali ko'plab muvaffaqiyatli texnologiya kompaniyalarining rivojiga hissa qo'shgan.
Luke Nosek — PayPal hammuassisi va ilk rahbarlaridan biri. Peter Thiel va Ken Howery bilan Founders Fund'ni tuzgan, keyinroq Gigafund'ga asos solgan. SpaceX'ning dastlabki investitsiya tarixida ham uning ulushi bor.
Ken Howery — PayPal'ning ilk xodimlaridan biri va Founders Fund hammuassisi. Keyin venchur investitsiyalar bilan shug'ullangan. 2019–2021-yillarda AQShning Shvetsiyadagi elchisi bo'lib ishlagan.
Premal Shah — PayPal'da mahsulot yo'nalishida ishlagan. Keyinroq Kiva notijorat tashkilotiga asos solgan. Kiva dunyoning turli burchaklaridagi kichik tadbirkorlar va moliyaviy imkoniyati cheklangan odamlarga mikrokreditlar orqali yordam beradi.
Keith Rabois — PayPal'dan keyin texnologiya kompaniyalari va venchur investitsiyalar sohasida ishlagan. LinkedIn, Slide va boshqa loyihalar bilan bog'liq bo'lgan. Keyinchalik Founders Fund va Khosla Ventures kabi investitsiya kompaniyalarida faoliyat yuritgan.
Bularning hammasi ham birdek mashhur bo'lib ketmadi. Lekin har biri Silicon Valley rivojiga o'z hissasini qo'shdi.
Kompaniyaning asl qiymati nimada?
2002-yilda PayPal 1,5 milliard dollarga sotilganda, ko'pchilik buni oddiy, omadli bitim deb qabul qilgan bo'lsa kerak. Keyingi yillar esa bu voqeaga boshqacha qarashga majbur qiladi.
PayPal'dan chiqqan odamlar qurgan kompaniyalarga bir nazar tashlang:
SpaceX — kosmik texnologiyalar va raketasozlik.
Tesla — elektromobillar va energetika texnologiyalari.
YouTube — dunyodagi eng yirik video platformalardan biri.
LinkedIn — professional aloqalar va ish bozori uchun global platforma.
Palantir — katta hajmdagi ma'lumotlarni tahlil qilish texnologiyalari.
Yelp — bizneslar haqida sharh va reytinglar platformasi.
Affirm — zamonaviy fintech va bo'lib to'lash xizmatlari.
Yammer — korporativ muloqot platformasi.
Shu ro'yxatning o'zi PayPal'da orttirilgan tajriba qanchalik katta ta'sir qilganini ko'rsatib turibdi. To'g'ri, bu kompaniyalarning muvaffaqiyatini faqat PayPal bilan bog'lash noto'g'ri bo'lardi — har birining o'z jamoasi, bozori, investorlari va o'z tarixi bor. Ammo ko'plab loyihalarning boshida PayPal'dagi tajriba va o'sha yerda paydo bo'lgan aloqalar turgani aniq.
Xulosa: eng katta kapital — odamlarmi?
PayPal Mafiyasi tarixidan men uchun eng qiziq xulosa shu: kompaniyaning eng katta boyligi har doim ham hisobidagi pul yoki aksiyalari bo'lavermaydi. PayPal 1,5 milliardga sotildi, lekin uning atrofida yig'ilgan odamlar keyingi yillarda bundan necha barobar ko'p qiymat yaratishdi. Ular birga ishlashdi, bir-biridan o'rganishdi, birga yiqilib-turishdi, keyin o'z kompaniyalarini qurishdi. Eng muhimi — bir-biriga bo'lgan ishonchni yo'qotishmadi.
Bugun startap boshlayotganlar uchun ham bunda jiddiy saboq bor. Zo'r mahsulot yaratish, yaxshi dasturchi bo'lish, investitsiya topish — bularning har biri muhim. Lekin uzoq masofada yoningda birga ishlaydigan, fikringni tushunadigan, qiyin paytda yelka tutadigan va o'zi ham katta orzulari bor odamlar bo'lishi bundan kam ahamiyatli emas.
PayPal Mafiyasining asosiy siri ham, ehtimol, shundadir: ular bir kompaniyada ishlagan hamkasblar bo'lib qolib ketishmadi, bir-birining keyingi yutuqlariga ham sherik bo'lishdi. PayPal sotildi, lekin u yerda shakllangan jamoa tarqalib ketmadi. Shunchaki har biri keyingi katta kompaniyani qurish uchun o'z yo'liga ketdi.