Back

~ 3 min

Qiymat


Inson umri o‘tib borar ekan, uning orzularining qiymati ham o‘sib-o‘zgarib boradi. Bundan o‘n yillar oldin orzu qilgan narsalarimga hozir bemalol pulim yetadi. O‘sha paytlarda bir blok shokolad olib, to‘yib yeyish men uchun katta baxt bo‘lishi mumkin edi. Hozir esa xohlasam, undan ham ko‘prog‘ini sotib olib yeyishim mumkin.

Lekin bugun bu narsa meni o‘sha paytdagidek xursand qilmaydi. Sababi shokoladning qiymati tushgani uchun emas, mening orzularimning qiymati oshgani uchun. Kecha men uchun katta bo‘lgan narsa bugun oddiy narsaga aylangan. Kecha erishish uchun ko‘p harakat qilgan narsam bugun hayotimning bir qismiga aylangan. Keyin esa uning o‘rniga yangi orzular, yangi maqsadlar paydo bo‘lgan.

Inson zoti shunaqa. Bir narsaga erishadi, keyin unga ko‘nikadi. Ko‘nikgach esa undan kattaroq narsani xohlay boshlaydi. Avval yaxshi telefon orzu bo‘ladi, keyin undan yaxshirog‘i. Avval yaxshi ish orzu bo‘ladi, keyin yaxshi lavozim. Avval ozgina pul yetarli bo‘ladi, keyin moliyaviy erkinlikni xohlaymiz. Avval bir uy orzu bo‘ladi, keyin kattaroq uy.

Shu tariqa insonning orzulari ham, maqsadlari ham o‘sib boradi. Balki insonning rivojlanishi ham shundan boshlanar. Chunki orzularimiz o‘zgarmasa, ehtimol o‘zimiz ham o‘sishdan to‘xtab qolardik. Lekin bu yerda bir narsani unutmaslik kerak. Orzularimiz kattalashib borayotgani — hayotimiz yomonlashib borayotgani degani emas. Ba’zan kechagi orzularimizning bugun oddiy bo‘lib qolgani, aslida qanchalik uzoqqa kelganimizni ko‘rsatadi. Faqat inson kechagi orzusiga erishganini unutib, bugun erisha olmayotgan narsalariga qarab yashamasligi kerak. Chunki baxt faqat orzuga yetishda emas.

inson

Baxt — orzuga intilib yashash bilan birga, qo‘lingdagi narsalarning ham qadriga yetishda.

Bugun sen uchun oddiy bo‘lib qolgan narsa, balki bir necha yil oldin chin dildan qilgan duoying bo‘lgandir. Bugun sen shikoyat qilayotgan hayoting, balki bir paytlar erishishni juda xohlagan hayotingdir. Shuning uchun vaqti-vaqti bilan ortga qarab qo‘yish kerak. Qancha yo‘l bosib o‘tganimizni, nimalarga erishganimizni, qanday kunlardan o‘tib bugungi hayotimizga kelganimizni eslash kerak. Oldinga qarash kerak, chunki orzular o‘sadi. Lekin ortga qarash ham kerak, chunki shukr yo‘qolsa, inson qancha narsaga ega bo‘lmasin, baribir o‘zini kambag‘al his qiladi.

Balki insonning haqiqiy boyligi kattaroq orzu qilish bilan birga, kichikroq orzulariga erishgan kunlarini unutmasligidadir. Kecha shokolad orzu qilgan bola bugun boshqa narsalarni orzu qilmoqda. Lekin u bolaning bir narsasini yo‘qotib qo‘ymaslik kerak — erishgan narsasidan quvonishni. Chunki orzularning qiymati oshib boraveradi. Ammo qanoat qilishni bilmagan odamga hech qaysi narsa yetarli bo‘lmaydi.

Orzular kattalashishi kerak, lekin shukr undan kichrayib ketmasligi kerak!

Previous post O'qituvchi sizdan qo'rqib tursin 17 Aug 2026 · 5 min