Back

~ 4 min

"Z" avlod va "eskicha" qarashlar


Bugungi kunda ko‘pchilik yoshi katta insonlar muhokama qiladigan mavzulardan biri — “Z” avlodning fikrlashi va ularning hayoti bo‘lib qolmoqda.

“Z” avlod o‘zi kimlar? Ozgina ma’lumot beradigan bo‘lsam, “Z” avlod — 1997–2012-yillar orasida tug‘ilgan avlod hisoblanadi.

gen-z

Xo‘sh, nega yoshi katta insonlar tomonidan eng ko‘p muhokama qilinadigan avlod aynan “Z” avlod hisoblanadi?

Sababi, bu avlod eskicha fikrlashdan va doimiy an’analardan uzoqlashib ketgan. Bugungi kunga kelib juda ko‘p narsalarga qarshi chiqayotgan, o‘zining shaxsiy fikriga ega bo‘lgan va o‘z fikrini bemalol bildira olayotgan avlod ham biz — “Z” avlodmiz.

Barchamiz sevib “muhokama” qiladigan mavzu bilan tushuntirib beraman. Ya’ni, to‘y mavzusi.

Men juda ko‘p tanishlar orttirganman, juda ko‘p insonlar davrasida bo‘lganman va men biladigan “Z” avlod vakillarining to‘y haqidagi fikrlari juda ham o‘zgacha.

Bizga to‘y muhim emas, kamxarj va oddiy to‘y bo‘lsa ham, undan keyingi hayotimiz qanday bo‘lishi ko‘proq muhim.

Eslatma

Bizga to‘y muhim emas, kamxarj va oddiy to‘y bo‘lsa ham, undan keyingi hayotimiz qanday bo‘lishi ko‘proq muhim.

Bu yerda gap to‘yga qarshi ekanligimizda emas. Albatta, to‘y biz uchun ham quvonchli kun. Lekin biz to‘yni hayotimizdagi eng katta maqsadlardan biriga aylantirmaganmiz. Bir kunlik dabdaba uchun yillar davomida qarz to‘lashdan ko‘ra, o‘sha pulni uy olishga, biznes boshlashga, ta’limga yoki kelajak uchun jamg‘arishga sarflashni afzal ko‘radigan avlod ham bizmiz. Bizga "odamlar nima deydi" degan gapni qiziqi qolmay ketyapti. Biz “Odamlar nima deydi?” degan savoldan ko‘ra, “Hayotimda nimalar sodir bo'ladi shu ishni qilsam, nimalarni olaman va nimalarni yo'qotaman?” degan savolni ko‘proq bera boshladik.

odamlar-nima-deydi

Biz an’analarni butunlay rad etayotganimiz yo‘q. Biz shunchaki har bir an’anani “shunday bo‘lib kelgan” degan sabab bilan davom ettirish shart emasligini tushuna boshlayapmiz. Masalan, “o‘g‘il bola falon yoshgacha uylanishi kerak”, “qiz bola falon yoshgacha turmushga chiqishi kerak”, “to‘y albatta katta bo‘lishi kerak”, “odamlar nima deydi?” kabi qarashlar biz uchun avvalgidek qat’iy qoida emas.

Chunki hayot bizniki.

To‘y ham bizniki.

Qarz ham bizniki.

Va eng muhimi — to‘ydan keyingi hayot ham bizniki.

Biz “yo‘q” deyishni ham o‘rganyapmiz. Oldingi avlodlarda kattalarga qarshi fikr bildirish ko‘pincha hurmatsizlik sifatida qabul qilinishi mumkin edi. “Z” avlod esa “katta aytdi — demak, to‘g‘ri” degan qarashni har doim ham qabul qilavermaydi. Agar biror narsaga qo‘shilmasak, “yo‘q” deyishga harakat qilamiz. Agar biror an’ananing ma’nosini tushunmasak, “Nega?” deb so‘raymiz. Agar biror qaror bizga noto‘g‘ri tuyulsa, o‘z fikrimizni bildiramiz. Bu ba’zida kattalar uchun yoqimsiz ko‘rinishi mumkin. Ammo balki bu avlodning eng katta kuchi ham shundadir. Savol beradigan avlod o‘zgarish qiladigan avlod hisoblanadi.

Lekin “Z” avlodning ham muammolari bor “Z” avlodni maqtab, uni mukammal avlod qilib ko‘rsatish ham noto‘g‘ri. Bizda ham muammolar yetarlicha. Biz tez natija olishni xohlaymiz. Tez zerikamiz. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zimizni boshqalar bilan ko‘p taqqoslaymiz. Ba’zida real hayotdan ko‘ra internetdagi hayot chiroyliroq tuyuladi. Biz doimo yangi narsalarni ko‘rishga o‘rganganmiz. Shu sababli bir joyda uzoq vaqt sabr qilish, natijani kutish yoki bir ishni yillar davomida davom ettirish ba’zida qiyin bo‘lishi mumkin.

Albatta, bu gaplarning barchasini yozib, yoshi katta insonlarni noto‘g‘ri, “Z” avlodni esa mutlaqo haq demoqchimasman. Axir biz bugun ega bo‘lgan ko‘plab imkoniyatlarning poydevorini aynan bizdan oldingi avlodlar yaratgan. Ular biz kabi internet, sun’iy intellekt va cheksiz axborotlar ichida ulg‘aymagan. Ular boshqa davrda, boshqa sharoitlarda yashagan va o‘sha davr talab qilgan qiyinchiliklarni yengib kelishgan. Shuning uchun ularning hayotga bo‘lgan qarashlarini ham tushunishga harakat qilishimiz kerak. Balki ular bizni “juda o‘zgacha” deb o‘ylashar. Balki biz esa ularning ayrim qarashlarini eskirgan deb hisoblarimiz. Lekin aslida hech qaysi avlod mutlaqo haq yoki mutlaqo noto‘g‘ri emas.

Postni o'sha avlodning shioriga aylanib ketgan qo'shiq bilan yakunlayman.

Odamlar nima deydi